Bugundan boshlab "Navbahor" II-davraga tayyorgarlikni o'z qarorgohida olib borayotganligini aytib o'tgandik. Bugungi mashg'ulotda davralar oralig'ida jamoani tark etgan Ivan Nagayev qatnashganligini aytish o'rinli. Dastlab "Dinamo" yig'inida biroz ishtirok etgan Nagayev keyinchalik jamoasiz yurdi. Tobi yo'qligi uchun hech bir jamoa safiga borib qo'shilmadi. I.Nagayev faoliyatini o'zining sobiq jamoasi "Metallurg"da davom ettirishi haqida ma'lumotlar bor edi. Biroq, Ivan bugun "Navbahor"ga qaytib kelib, mashg'ulotlarga kirishdi. Nagayev qaytgandan so'ng hujum chizig'imiz biroz yaxshilandi. Lekin, Yuriy Tselixning yo'qligi baribir bilinadi. Bugungi "Navbahor"ning o'z qarorgohida olib borayotgan mashg'ulotida tarkibda o'zgarish yuz berganligini anglash qiyin emasdi. Dastlab, ukrainalik o'yinchilarimiz haqida to'xtalsak. A.Polovkov "Andijon"da faoliyat olib borsa, Yu.Tselix "Zakarpatiye"da to'p suradigan bo'lgan. M.Pavlenko va A.Xramtsovlarni yurtimizga qaytmasligi oydinlashib boryapti. M.Kriviyni ham Namanganga qaytishi mavhum edi. Lekin biz bugungi mashg'ulotlarda Maksim Kriviyni ko'rdik. Bizningcha, ana endi Kriviy "ochilib" ketsa kerak. Yura o'rnini Maks bosishiga umidvormiz. Bugun shuningdek, "Olmaliq" futbolchisi Doniyor Usmonovni yana tarkibda ko'rdik. Yana deyishimizga sabab, Usmonov mavsum boshida ham "Navbahor" yig'inida qatnashib, so'nggi pallada Olmaliqqa qaytib ketgandi. "Olmaliq"dan bizga D.Usmonov kelgan bo'lsa, bizdan "Olmaliq"qa Andrey Vlasichev yo'l oldi. O'ziga xos "rokirovka" amalga oshirildi. "Navbahor" tarkibi yana bir darvozabon bilan boyidi. 1-liga jamoalarida to'p surgan yosh posbonga o'rinbosarlar darvozasi ishonib topshirilsa ajabmas. Bugun yengil mashg'ulotlardan so'ng, tarkib ikkiga bo'lingan holda o'yin o'tkazishdi. Qiziqarli o'yinda 1:1 hisobi qayd etildi. Qizillardan golni G'ayrat Jo'rayev kiritgan bo'lsa, oqlardan Ivan Nagayev muvaffaqiyat qozondi.
Joriy yilgi mavsum avvalida Namangan futboli tarbiyalanuvchisi sanalgan Abdulaziz Sultonov "Navbahor"ni tark etib, "Nasaf"ga yo'l olgan edi. Davralar oralig'ida esa Sultonov yana "Navbahor"ga qaytdi. Jamoaning bugungi mashg'ulotidan so'ng futbolchimizning fikrlari bilan qiziqdik. Abdulaziz Sultonov : Mavsum boshida "Nasaf" tarkibiga borib qo'shildim. Qarshiliklar 3-4 yildan beri meni jamoaga taklif etishayotgan edi hamda shu yili klub a'zosiga aylandim. Aytishim lozimki, asosan zahirada qolib ketayapman, faqat kubok o'yinlarida asosiy tarkibda tushdim. Kim ham zahirada o'tirishni istaydi? Davralar o'rtasida Viktor Jalilov meni "Navbahor"ga taklif qildi va jamoaga qaytib keldim. Bu bilan endi "Navbahor"da o'ynayman demoqchimasman. Xuquqiy jihatdan man "Nasaf"ga tegishliman. Agar "Nasaf" rahbariyati bilan kelisha olsam, faoliyatimni Namanganda davom ettira olaman. "Nasaf" ayni paytda Turkiyada. Jamoa xorij yig'inini yakunlab yurtimizga qaytib kelganidan so'ng bu haqda gaplashib olaman. Hozir biror gap aytishim qiyin. "Navbahor" mashg'ulotlarida yangi o'yinchilardan mendan tashqari Muxtor Fozilov, Aziz Ashurov, Temur Ayzatullovlar qatnashishmoqda. Ichki muhit haqida gap bo'lishi mumkin emas, barchasi joyida. O'zim ham yana Namanganda to'p surishni istayman.
манба: http://fcnavbahor.wap.sh
|