``Navbahor``-``Qizilqum`` uchrashuviga bo`lgan qiziqish uncha yuqori bo`lmagan bo`lsada, har ikki jamoaning musobaqa jadvalida yonma-yon borishi, ``Navbahor`` 4 mavsumdan beri o`z uyida ``Qizilqum``ni yenga olmayotganligi hamda o`zaro o`yinlarida tenglik hukmronlik qilgani uchun bahs qiziqarli o`tishi kerak edi. Shunday ham bo`ldi. Bu galgi uchrashuvga ham ``Navbahor``ni Kovshov va Bayramov olib tushdi. O`yindan keyingi matbuot-anjumanida jamoa murabbiyi Mustafo Bayramov Viktor Jalilov hali ham davolanayotganligini aytib o`tdi. Aytish lozimki, Viktor Jalilov mana bir oydan beri jamoa bilan birga emas.
Keling, endi uchrashuv tafsilotlariga to`xtalib o`tsak.
Uchrashuvning 12-soniyasidayoq ``Qizilqum``da golli imkoniyat yuzaga keldi. Vaholanki, to`pni o`yinga mezbonlar kiritishgan edi. Olim Navkarov agar jarima maydoni ichida simulyatsiya ishlatmaganida Gorvits bilan birga-bir chiqib, tezkor gol muallifiga aylanar edi. Oradan ko`p o`tmay endi mezbonlarda yaxshi vaziyat yuzaga keldi. Ivan Nagayev deyarli Melnichuk bilan yakkama-yakka chiqib borib, o`tkir burchakdan yo`llagan zarbasi noaniq chiqdi. Dastlabki 10-daqiqa ancha qiziqarli o`tdi. Sergey Arslonov jamoasi mehmonda to`p surishiga qaramay, ikki hujumchi bilan harakat qilishi mezbon himoyachilarini qiynab qo`ydi. 24 daqiqada Sunnatulla Mamadaliyevning uzoq masofadan bergan zarbasini Melnichuk egallab olib, darhol jamoadoshlarini to`p bilan ta`minladi. Navkarovning to`p uchun oxirigacha kurashishi gol bilan yakunlandi. Jarima maydoni ichiga kirib kelayotgan to`pni Temur Sultonov darvozabonga yetkazgandi. Biroq bu vaziyatda Oleg Gorvits to`p uchun chiqib borayotgan edi. Oddiy vaziyatdagi tushunmovchilik oqibatida ``Qizilqum`` hisobda oldinga chiqib oldi - 0:1.
O`tkazib yuborilgan goldan so`ng muxlislar ``Navbahor``dan gol talab qilishardi. Biroq mezbonlar dastlabi bo`limda umuman o`zlariga o`xshashmadi. Bo`lim oxirlariga kelib ``Qizilqum`` futbolchilarida hisobni o`zgartirish uchun bir qancha imkoniyatlar bo`ldi. Dastlab Navkarov birga-bir holatni yo`qqa chiqargan bo`lsa, keyin Bahriddin Vahobovning 22 m lardan bergan zarbasini Gorvits katta qiyinchilik bilan qaytardi. 45 daqiqada esa Leonid Koshelevning 25 m lardan jarimadan yo`llagan to`pi darvoza ustunini larzaga keltirdi. Shu tariqa jamoalar tanaffusga chiqib ketishdi.
Ikkinchi bo`lim batamom boshqa ssenariy ostida o`tdi. Tabiiyki, mezbonlar bo`limni ustunlik bilan boshlashdi. 47 daqiqada mehmonlar himoyachisi Shavkat Nasibullayev o`z jarima maydoni ichida to`pni qo`li bilan o`ynaganligi uchun Arslon Hotamov ikkilanmay 11 metrlik nuqtani ko`rsatdi. Penaltini esa ``Navbahor`` vakili Yevgeniy Sayko aniq bajarib muvozanatni tikladi - 1:1.
Gol kiritilgach, mezbonlar hujumlar uyushtirishdan to`xtashmadi. 50 daqiqada Otabek Valijonovning 20 m lardan bergan zarbasi darvoza to`sini yuqorisidan o`tib ketdi. Negadir mezbonlar asosan uzoq masofalardan Melnichuk darvozasini o`qqa tutishdi. Mehmonlar jarima maydoni ichiga yorib kirib ham ``Navbahor`` futbolchilari darvozaga zarba bermasdan orqaga qaytaraverishdi. G`ayrat Jo`rayevning 3 marta 25 m masofalardan bergan zarbasidan bittasi ustunga tegib xavfli ko`rinish oldi. Yana gol kiritish uchun ko`plab imkoniyatlarga ega chiqqan mezbonlar yakunda ikki ochko yo`qotishdi. ``Navbahor``ni durang qayd etishi ko`pchilikni ajablantirgan bo`lishi mumkin. ``Qizilqum`` esa safarda g`alaba teng durangga erishib, yaxshi kayfiyatda Zarafshonga qaytib ketdi. ``Navbahor``ning ochko yo`qotishlari mavsum yakuniga kelib pand berib qo`ymasa bo`lgani, xuddi oldingi mavsumlardagi kabi.
``Navbahor``-``Qizilqum`` 1:1
Hakamlar: A.Hotamov 8.3, X.Mirzaahmedov 8.6, A.Snetkov 8.6, R.Tolibjonov 8.0
Nazoratchi: R.Aytekov
Gollar: Yevgeniy Sayko 48-pen - Temur Sultonov 25-avto
``Navbahor``: Oleg Gorvits, Mixail Denisov, Rahmatullo Berdimurodov , Sunnatulla Mamadaliyev, Yevgeniy Sayko, Otabek Valijonov, Temur Sultonov, Ilhom Boydedayev (Abdumalik Abdullayev 58), Doniyor Usmonov, Elyor Jahonov (G`ayrat Jo`rayev 46), Ivan Nagayev.
``Qizilqum``: Aleksandr Melnikov, Sobir Usmonxo`jayev (Sherali Jurayev 71), Ahrol Risqullayev, Leonid Koshelev, Vadim Lyubinskiy, Olim Navkarov (Vladimir Postalatyev 86), Bahriddin Vahobov (Rufat Isroilov 83), Vitaliy Pochuyev, Roman Posichnichenko, Andrey Yeroxin, Shavkat Nasibullayev.
Ogohlantirishlar: Sunnatulla Mamadaliyev 51, Otabek Valijonov 84 - Olim Navkarov 1, Shavkat Nasibullayev 53.
ENG YAXSHI O`YINCHILAR: Otabek Valijonov - Bahriddin Vahobov
Namangan. 4547 tomoshabin.
Ulug`bek Abdullayev, ``Chempion`` gazetasi